Argentina milliy jamoasi himoyachisi Nauel Molina to‘rt yillik faoliyatidan so‘ng «Atletiko» bilan xayrlashdi.

28 yoshli futbolchi ijtimoiy tarmoqlarda Madrid klubi futbolchilari, murabbiylar shtabi va muxlislariga minnatdorlik bildirib, emosional murojaat qoldirdi.

«Ushbu ajoyib yo‘lning bir qismi bo‘lgan barchaga rahmat. Sizlar — bu klubning yuragisiz», — deya yozdi argentinalik futbolchi.

Molinaning ketishi uning «Roma»ga transferi bilan bog‘liq. 12 avgust kuni «Atletiko» va Rim klubi himoyachining doimiy transferi bo‘yicha kelishuvga erishilganini rasman e’lon qildi.

Molina «Atletiko»ga 2022 yil yozida Italiyaning «Udineze» klubidan kelib qo‘shilgan edi. U madridliklar tarkibida to‘rt mavsum davomida 181 ta o‘yin o‘tkazib, 9 ta gol urdi va 17 ta golli uzatma berdi.

Himoyachi endi faoliyatini yana Italiya A Seriyasida davom ettiradi. «Roma» uning transferi doimiy asosda amalga oshirilganini tasdiqladi. Molina yangi jamoasida 20-raqamli futbolkada harakat qiladi.

Argentina terma jamoasi bilan Molina 2022 yilgi jahon chempionati, shuningdek, 2021 va 2024 yilgi Amerika Kubogida g‘olib chiqqan. «Roma» ma’lumotiga ko‘ra, himoyachi milliy jamoa safida 65 ta o‘yin o‘tkazgan.

Shu tariqa, Molinaning 2022 yilda boshlangan «Atletiko»dagi to‘rt yillik faoliyati rasman yakunlandi.

Manba: Stadion.uz