«Barselona» 2026/27 yilgi mavsum uchun jamoa sardorlari iyerarxiyasini yangilashga tayyorlanmoqda.

SPORT ma’lumotiga ko‘ra, Rafinya kataloniyaliklarning asosiy sardoriga aylanishi, Pedri esa undan keyingi — ikkinchi sardor bo‘lishi kutilmoqda. Keyingi o‘rinlarni Gavi va Erik Garsiya egallashi mumkin.

Bu o‘zgarishlar «Barselona» kiyinish xonasidagi avlodlar almashinuvining davomi hisoblanadi. Ispaniya matbuoti ham so‘nggi kunlarda Rafinya va Pedri jamoaning asosiy yetakchilariga aylanayotgani, Erik Garsiya va Gavi esa sardorlar guruhiga qo‘shilish uchun asosiy nomzodlar ekanini yozmoqda.

Rafinya «Barselona»da sardorlik vazifasiga begona emas. Braziliyalik futbolchi hali 2024/25 yilgi mavsum oldidan Mark-Andre ter Shtegen, Ronald Arauxo va Frenki de Yongdan keyin jamoaning to‘rtinchi sardori etib saylangan, Pedri esa beshinchi o‘rinni egallagan edi. O‘sha paytda sardorlarni futbolchilarning o‘zi ovoz berish orqali tanlagan.

Keyingi mavsumlarda Rafinyaning jamoadagi nufuzi yanada oshdi. U Hansi Flik qo‘l ostida nafaqat maydondagi muhim futbolchilardan biri, balki kiyinish xonasida ham yetakchilik vazifasini bajarayotgan o‘yinchilardan biri sifatida qaralmoqda. Pedri ham yoshiga qaramay, klubdagi tajribasi va jamoadagi mavqei tufayli yetakchilar qatoriga kirgan.

Gavi va Erik Garsiyaning sardorlar guruhiga qo‘shilishi esa «La Masiya» tarbiyalanuvchilarining asosiy jamoadagi ta’siri tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi. Erik Garsiya 2025 yil dekabrida «Barselona» bilan shartnomasini 2031 yilgacha uzaytirgan, Gavining amaldagi kelishuvi esa 2030 yilgacha mo‘ljallangan.

Manba: Stadion.uz