«Barselona» yozgi transfer oynasi yakunlanishidan oldin himoya chizig‘ini yanada kuchaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. SPORT ma’lumotiga ko‘ra, kataloniyaliklar asosan chap oyoqda harakat qiladigan markaziy himoyachi xarid qilishni istamoqda.
Klubning qisqa ro‘yxatidan Emerik Laport, Kastello Lyukeba va Natan joy olgan.
32 yoshli Laport ayni paytda «Atletik» sharafini himoya qilmoqda. Ispaniya milliy jamoasi a’zosi 2025 yil sentyabrida «An-Nasr»dan Bilbao klubiga qaytib, 2028 yil yozigacha mo‘ljallangan shartnoma imzolagan.
Laportning «Barselona»ga o‘tishi haqida yoz davomida bir necha bor xabarlar tarqaldi. Shu bilan birga, «Atletik» rahbariyati iyul oyida kataloniyaliklardan himoyachi bo‘yicha hech qanday rasmiy yoki norasmiy taklif olmaganini ma’lum qilgan edi.
Yana bir nomzod — «RB Leypsig»ning 23 yoshli fransiyalik himoyachisi Kastello Lyukeba. U Germaniya klubi bilan shartnomasini 2029 yilgacha uzaytirgan. Lyukeba so‘nggi mavsumlarda Bundesligadagi eng istiqbolli markaziy himoyachilardan biri sifatida e’tibor qozondi. «Barselona» sport direktori Deku va bosh murabbiy Hansi Flik ham futbolchining imkoniyatlarini yuqori baholayotgani xabar qilinmoqda.
Ro‘yxatdagi uchinchi futbolchi — «Betis»ning braziliyalik markaziy himoyachisi Natan. 25 yoshli futbolchining Sevilya klubi bilan amaldagi shartnomasi 2030 yilgacha mo‘ljallangan. «Betis» uni 2025 yil yozida «Napoli»dan to‘liq sotib olgan edi.
Natanning agenti Andre Kyuri ham «Barselona» futbolchiga qiziqish bildirayotganini tasdiqlagan. Uning aytishicha, kataloniyaliklar «Betis» rahbariyati bilan himoyachi borasida aloqa qilgan, biroq hozircha rasmiy taklif taqdim etilmagan. Ispaniya matbuoti «Betis» munosib taklif tushsa, futbolchini sotish masalasini ko‘rib chiqishi mumkinligini yozmoqda.
Shu tariqa, «Barselona» oldida turli moliyaviy va sport jihatlariga ega uch variant mavjud. Laport katta tajribasi bilan ajralib tursa, Lyukeba kelajak uchun yuqori salohiyatli variant hisoblanadi. Natan esa La Liga muhitiga moslashib bo‘lgani bilan kataloniyaliklar uchun qiziqarli nomzod bo‘lib turibdi.
Manba: Stadion.uz
Fikrlar 0