O‘zbekiston milliy jamoasi va Ozarbayjonning "Sabah" klubi yarim himoyachisi Umarali Rahmonaliyev faoliyatini Fransiya chempionatida davom ettirishi mumkin.
Fransiya matbuoti ma’lumotiga ko‘ra, Liga 1 vakili "Lans" 22 yoshli o‘zbekistonlik futbolchini transfer ro‘yxatiga kiritgan. Klub skautlari Rahmonaliyevning so‘nggi o‘yinlarini kuzatib, uning imkoniyatlarini o‘rganmoqda.
Ayrim manbalar "Lans" yaqin vaqt ichida "Sabah"ga rasmiy taklif bilan chiqishi mumkinligini ham yozmoqda. Hozircha transfer bo‘yicha rasmiy taklif yuborilgani tasdiqlanmagan, gap fransuz klubining jiddiy qiziqishi haqida ketmoqda.
Rahmonaliyev ayni paytda "Sabah"ning asosiy futbolchilaridan biri hisoblanadi. U 2025 yil yanvarda Qozonning "Rubin" klubidan Ozarbayjon jamoasiga ijara asosida o‘tgan, 2026 yil yanvarda esa "Sabah" uning transfer huquqlarini to‘liq sotib olgan. Futbolchining amaldagi shartnomasi 2028 yil oxirigacha mo‘ljallangan.
Transfermarkt Rahmonaliyevning bozor qiymatini hozirda 1,2 mln yevro deb baholamoqda. 18 avgust kuni 23 yoshga to‘ladigan futbolchi asosan tayanch va markaziy yarimhimoyachi pozisiyalarida harakat qiladi.
Rahmonaliyevning so‘nggi paytdagi o‘yinlari ham Yevropa klublari e’tiborini tortishiga xizmat qilgan. U "Sabah"ning Chempionlar Ligasi saralash bosqichidagi muhim uchrashuvlarida asosiy tarkibda maydonga tushmoqda. Xususan, "Orxus"ga qarshi javob bahsida o‘zbekistonlik yarimhimoyachi 90 daqiqa harakat qildi, "Sabah" 4:0 hisobida g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga yo‘l oldi.
"Lans" uchun O‘zbekiston bozori begona emas. Fransuz klubi avval ham Abduqodir Husanovni yosh futbolchi sifatida o‘z safiga qo‘shib, uning Yevropadagi o‘sishiga katta turtki bergan. Fransiya matbuoti Rahmonaliyevga qiziqishni ham aynan shu muvaffaqiyatli tajriba bilan qiyoslamoqda.
Shu tariqa, agar "Lans" qiziqishini rasmiy taklifga aylantirsa, Umarali Rahmonaliyev ham Yevropaning top-5 chempionatlaridan birida to‘p surish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.
Manba: Stadion.uz
Fikrlar 0