«Tottenxem» himoyachisi Jed Spens faoliyatini Italiyada davom ettirishga yaqin. 26 yoshli angliyalik futbolchi «Inter»ga transferini rasmiylashtirish uchun Milanga yetib keldi.

Football Italia ma’lumotiga ko‘ra, Spens bugun tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Agar jarayon muvaffaqiyatli yakunlansa, futbolchi shundan so‘ng «Inter» bilan shartnoma imzolaydi. Tomonlar shaxsiy shartlar bo‘yicha ham kelishuvga erishib bo‘lgan.

Transfer qiymati borasida manbalarda turlicha raqamlar keltirilmoqda. Football Italia va beIN Sports bitim bonuslar bilan birga 35 mln yevrogacha yetishi mumkinligini yozmoqda. The Guardian esa avvalroq kelishuv taxminan 30 mln yevro atrofida bo‘lishini xabar qilgan edi.

«Inter» Spensni qanot himoyasi uchun muhim variant sifatida ko‘rmoqda. Angliyalik futbolchi o‘ng va chap qanotda harakat qila oladi. Milanliklar Denzel Dyumfris ketganidan so‘ng bu pozisiyani kuchaytirishga harakat qilmoqda.

Spens uchun Italiya chempionati begona emas. U 2024 yilda «Jenoa» safida ijara asosida yarim mavsum o‘tkazgan. Futbolchi «Tottenhem»ga esa 2022 yilda «Midlsbro»dan kelib qo‘shilgan va London klubi tarkibida 80 dan ortiq o‘yinda maydonga tushgan.

Shuningdek, himoyachi 2026 yilgi jahon chempionatida Angliya milliy jamoasi tarkibida muvaffaqiyatli ishtirok etib, to‘rtta uchrashuvni asosiy tarkibda boshlagan. Angliya musobaqani uchinchi o‘rinda yakunladi.

Endi tibbiy ko‘rik va shartnoma imzolanganidan so‘ng «Inter» Spens transferini rasman e’lon qilishi kutilmoqda.

Manba: Stadion.uz