«Tottenxem» bosh murabbiyi Roberto De Dzerbi London klubida uzoq vaqt qolmoqchi ekanini ma’lum qildi.

Mutaxassisning fikricha, eng avvalo «shporlar»da aniq o‘yin uslubi shakllanishi kerak. Ehtimol, so‘nggi yillarda jamoaga aynan shu narsa yetishmayotgan edi.

— Premyer-liga — juda raqobatdosh chempionat. Bu yerda ko‘pchilik loyihalar haqida gapiradi, ammo ularni oxirigacha yetkaza oladiganlar kam. Biz «Tottenxem»da uzoq vaqt qolishni va jamoani cho‘qqiga qaytarishni xohlaymiz. Ammo bitta muvaffaqiyatli transfer oynasi bizga darhol yetakchi klublarga chaqiruv tashlash imkonini berishiga hech qanday kafolat yo‘q, — dedi De Dzerbi Football Italia nashriga.

Angliya chempionatining o‘tgan mavsumida «Tottenxem» turnir jadvalida 17-o‘rinni egallab, xavfli hududdan atigi ikki ochkoga o‘zib ketgan edi.

Manba: Stadion.uz