Rossiyalik taniqli mutaxassis Fyodor Gagloyev «Dinamo» murabbiylar shtabida rasman ish boshladi.

Fyodor Ivanovich futbolchilik faoliyati davomida Rossiyaning bir qator klublari sharafini himoya qilgan. 1984 yilda sobiq Ittifoq yoshlar terma jamoasi safida yoshlar o‘rtasida Yevropa chempioni bo‘lgan. Shuningdek, u sobiq Ittifoq sport ustasi unvoni bilan taqdirlangan.

Gagloyev O‘zbekiston futboliga ham begona emas. U 1991 yilda Yuriy Sarkisyan qo‘l ostida Farg‘onaning «Neftchi» klubi safida to‘p surgan.

Murabbiylik faoliyati davomida esa Vladikavkazning «Alaniya», Nijniy Novgorodning «Lokomotiv» va Stavropolning «Dinamo» klublarida ishlagan.

59 yoshli mutaxassis joriy yil iyul oyida «Dinamo» murabbiylar shtabiga qo‘shilgan edi. Endi u klub bilan rasmiy shartnoma imzoladi va yordamchi murabbiy sifatida faoliyat olib boradi.

«Dinamo» PFK Fyodor Gagloyevga klubdagi faoliyatida omad tilab, uning tajribasi va murabbiylik mahorati jamoa natijalariga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.

Manba: Stadion.uz