Superliga 17-turidan o‘rin olgan «Buxoro» — OKMK uchrashuvi mezbonlarning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. O‘yindan keyin «Buxoro» bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov matbuot anjumanida ishtirok etib, bahs haqida fikr bildirdi.

«Avvalo, sizlarni ham g‘alaba bilan tabriklayman. O‘yin juda og‘ir kechdi. Albatta, oson bo‘lmasligini oldindan taxmin qilgandik. Mening nazarimda, raqib yaxshi futbol namoyish eta oladigan jamoalardan biri. Ularga qarshi o‘ynash juda qiyin bo‘ldi.

Yaxshiyamki, yigitlar yana bir bor sabr-toqat namoyish qilishdi. Bugun sabr qilish va o‘z imkoniyatlarimizni kutish juda muhim edi. Biz aynan shu vaziyatlarni kutishimiz kerak edi.

Umuman olganda, hamma narsa ham reja bo‘yicha kechmadi. Birinchi taymda ikki nafar himoyachimizdan ayrildik. O‘yin oxirida esa yana bir himoyachimiz qizil kartochka oldi.

Shunga qaramay, juda hissiyotlarga boy va ko‘p kuch talab qilgan o‘yin bo‘ldi. Yana bir bor aytaman, yigitlar haqiqiy qahramonlik ko‘rsatishdi. Ular o‘yin oxirigacha bardosh berib, g‘alabani qo‘lga kiritishdi. Buning uchun ularga katta rahmat aytaman», — dedi Xomyakov.

Manba: Stadion.uz