Fransiyalik yarim himoyachi Pol Pogbaning rafiqasi Zulay doimiy jarohatlar tufayli futbolchini faoliyatini yakunlashga chaqirayotganlarga munosabat bildirdi.

Avvalroq 33 yoshli futbolchi mashg‘ulotlarda jarohat olganidan so‘ng «Monako» u bilan shartnomani bekor qilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi.

«Pol faoliyatini yakunlashi kerak yoki u futbolga pul uchun qaytdi, deb aytayotganlarning hammasiga aniqlik kiritmoqchiman: uning qachon nafaqaga chiqishini faqat Xudo biladi. Uning pul uchun qaytganini aytayotganlarga esa: ishonchingiz komil bo‘lsin, Xudoga shukur, pulimiz bilan hammasi joyida, deyman.

Ijtimoiy tarmoqlar hamma narsani ko‘taradi. Odamlar ekran ortida o‘tirib, xohlagan narsasini aytishlari, kimnidir haqorat qilishlari va uning niyatini so‘roq ostiga olishlari mumkin, lekin ekranning u tomonida tirik inson turganini unutishadi.

U yana nimani isbotlashi kerak deb so‘rayotganlarga esa eslatib o‘taman: u dunyodagi har bir futbolchi orzu qiladigan orzuni amalga oshirdi. U o‘z mamlakati sharafini himoya qilib, Jahon chempioni bo‘ldi», — deb yozdi Zulay ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Manba: Stadion.uz