Londonning «Arsenal» klubi APLning yangi mavsumini «Koventri Siti»ga qarshi o‘yin bilan ochib berdi va Frenk Lempard shogirdlari ustidan 3:0 hisobida ishonchli g‘alaba qozondi.

Ushbu muvaffaqiyat evaziga «kanonirlar» Angliya chempionati yuqori divizioniga chiqqan (ilk bor yoki qayta) jamoalarga qarshi o‘z maydonidagi mag‘lubiyatsiz seriyasini 45 ta o‘yinga yetkazib olishdi. Bu Angliya yuqori divizioni tarixidagi mutlaq rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, APL 1-turining asosiy qismi shanba kuni bo‘lib o‘tadi — unda, jumladan, «Manchester Yunayted» va Londonning «Tottenxem» klublari ham o‘z uchrashuvlarini o‘tkazishadi.

Manba: Stadion.uz