Angliyalik himoyachi Fikayo Tomori Fabio Kapelloning bergan maslahatlariga qaramay, baribir «Milan»ni tark etadiganga o‘xshaydi. Uning faoliyatini davom ettirish uchun eng ehtimolli ssenariy Angliyaga — APLga qaytish bo‘lib turibdi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Angliyaning mustahkam ortamiyona jamoalaridan biri bo‘lmish «Fulxem» futbolchiga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Bu haqda italiyalik nufuzli jurnalist Nikolo Skira xabar berdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, tez orada transfer bo‘yicha yangi tafsilotlar paydo bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Tomori 2021 yildan beri «Milan» safida to‘p surib kelmoqda. Ushbu dam olish kunlari «rossoneri» Seriya Aning yangi mavsumidagi ilk o‘yinini «Torino»ga qarshi safarda o‘tkazadi.

Manba: Stadion.uz