«Andijon» futbolchisi Humoyunmirzo Iminov «Xorazm»ga qarshi uchrashuv oldidan klub matbuot xizmati savollariga javob berdi.

Ma’lumki, Iminov uchun «Xorazm» begona jamoa emas. U o‘tgan mavsumda Urganch klubi sharafini himoya qilgan. Joriy mavsumning birinchi davrasida «Andijon» «Xorazm»ni safarda 3:0 hisobida mag‘lub etgan va gollardan biriga aynan Iminov mualliflik qilgan.

Yarim himoyachi navbatdagi bahsda ham sobiq jamoasi darvozasini ishg‘ol qilish niyati borligini yashirmadi.

«Xorazm» juda yaxshi jamoa va u yerda iliq xotiralarim qolgan. Bo‘lajak bahsga tayyorgarligimiz a’lo darajada ketmoqda. Biz har bir o‘yinda maydonga g‘alaba qozonish uchun chiqamiz. Xudo xohlasa, g‘alaba qozonib, «Andijon» muxlislari oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lishini istayman.

Birinchi davrada gol urgandim. Xudo xohlasa, ikkinchi davrada ham buni takrorlashga harakat qilaman. Ammo eng muhimi — jamoamiz 3 ochkoni qo‘lga kiritishi.

«Xorazm», aytganimdek, yaxshi jamoa. Lekin biz raqibga qarab emas, o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishimiz kerak, deb o‘ylayman. Har bir jamoaning o‘ziga yarasha kuchli tomonlari bor. Biz o‘z taktikamiz asosida yaxshi o‘ynab, g‘alaba qozonishimiz muhim.

Men uchun gol urish yoki golli uzatma berishdan ko‘ra, jamoamga yordam berish va g‘alaba qozonish muhim.

«Bobur Arena»da O‘zbekistondagi eng yaxshi muxlislar bor. Ular qarshisida o‘ynash juda maroqli va yoqimli.

Qo‘limizdan kelganicha g‘alaba uchun harakat qilamiz. Har bir turda faqat g‘alaba uchun maydonga tushamiz. Nasib qilsa, «Xorazm»ga qarshi bahsda ham g‘alaba qozonib, muxlislarimizni xursand qilamiz. Ulardan bizni qo‘llab-quvvatlashlarini so‘rab qolaman», — dedi Iminov.

Manba: Stadion.uz