Argentinalik taniqli jurnalist Gaston Edulning so'zlariga ko'ra, “Atletiko” Xulian Alvares transferi uchun taxminan 150 million evro talab qilmoqda. Shu bilan birga, Madrid klubi “Barselona” bilan har qanday bitim tuzishni qatiyan taqiqladi: “matraschilar” har qanday jamoaning takliflarini ko'rib chiqishga tayyor, biroq o'zlarining to'g'ridan-to'g'ri raqobatchisini kuchaytirishni aslo istamayapti.

Xabarlarga ko'ra, 26 yoshli argentinalik hujumchi “Kamp Nou”ga o'tish amalga oshishi uchun parda ortida bor imkoniyatini ishga solmoqda va uning asosiy tanlovi - Kataloniya loyihasi. Avvalroq “Barselona” 100 million evrodan ortiq taklif bilan chiqqandi, ammo bu mablag' “Atletiko”ni qoniqtirmadi.

Endilikda yozgi transfer oynasi yopilgunga qadar hujumchini tarkibga qo'shib olish umidini saqlab qolish uchun “Barselona” moliyaviy jihatdan ancha dadil qadam tashlashiga to'g'ri keladi.

Qayd etish joizki, 2025/26 yilgi mavsumda argentinalik forvard “Atletiko”ning hujum chizig'ida hal qiluvchi o'yinchi bo'lgandi. Transfermarkt portali ma'lumotlariga ko'ra, Xulian Alvaresning transfer qiymati 100 million evroga baholanmoqda.