– "Vasko da Gama"da 6 oy o'tkazganingizdan so'ng, "Bunyodkor" deb nomlangan jamoada o'ynash uchun O'zbekistonga ko'chib o'tdingiz. Klub tarixi juda qiziq, chunki siz ularga qo'shilganingizda klub atigi uch yoshda edi va "Barselona"ga mukkasidan ketgan oligarxga tegishli edi. Ular hatto o'z emblemasini "Barsa"nikiga aynan o'xshash qilib o'zgartirishgan edi...
– "Barselona" vakillari biz bilan ishlash uchun kelishgan. Hatto Messi ham mahorat darslari o'tish uchun tashrif buyurgan va klub ularning kelishi uchun katta pul to'lagan. Ularga hamma narsani – soatlar, pullar berishgan. Bu naq jinnilikning o'zginasi edi.
– "Bunyodkor"ga o'tishingiz o'zi qanday yuz bergan?
– Aslida, agentim meni u erga borishga majbur qilgan. Uning u yerda qandaydir biznesi bor edi, lekin men Chiliga, "Katolika"ga qaytishni xohlardim. Muxlislar Facebook'da "Vilyanuevani qaytaringlar" degan sahifa ham ochishgandi – bu ijtimoiy tarmoqlarning endigina rivojlanayotgan davri edi, shuning uchun ijtimoiy tarmoqlarga unchalik oshno bo'lmagan odam sifatida "Oh, ular meni yaxshi ko'rishadi, u yerda bo'lishimni xohlashadi", deb o'ylardim. Lekin agentim bunga yo'l qo'ymadi, chunki men "Lokarno" nomli klub bilan shartnoma imzolagan edim – bu jamoa Janubiy Amerikalik futbolchilarni sotib olib, keyin ularni boshqalarga pullardi. Ular mendan federativ huquqlarni qo'lga kiritish uchun foydalanishdi, shuning uchun yo "Bunyodkor"ga borishim kerakligini, yoki boshqa hech qayerda o'ynashga ruxsat bermasliklarini aytishdi.
– Demak, siz o'zaro til biriktirgan agentingiz, "Lokarno" va "Bunyodkor" o'rtasida qolib ketgan ekansiz-da?
– Ha, "Bunyodkor"ning "Barselona" bilan yaqindan ishlagan agentlarimga aloqasi bor edi, shu tariqa klub ham "Barselona" bilan bog'lanib qoldi. Ikkinchi mavsumimda biz kiygan liboslar o'sha paytda Nike edi, lekin "Bunyodkor" xo'jayini ular "Barselona" formalari tikiladigan fabrikada ishlab chiqarilishini xohlagandi – xo'jayindagi fanatizm darajasi mana shunday edi. U "Bunyodkor"ning Osiyodagi eng yirik klub bo'lishini xohlardi. Biz hatto "Barselona"ga mavsumoldi yig'iniga bordik, "Rey Juan Carlos" mehmonxonasida yashab, "La Masiya"da mashg'ulot o'tkazdik va "Barselona"ga qarshi o'ynadik. Biz 1:1 hisobida durang o'ynadik va men jamoadoshim Jeparovga golli uzatma berdim.
– O'sha paytda shunga o'xshash ishlarni qilayotgan, xorijlik yulduzlarni jalb qilishga urinayotgan yana bir nechta klublar bor edi – Rossiyadagi "Anji" shulardan biri edi. Siz 2008 yilning yozida "Bunyodkor"ga qo'shilganingizda, Eto'O ham kelishi haqida mish-mishlar yurardi. Yakunda u kelmadi, lekin Rivaldo qo'shildi. Buning tarixi qanday bo'lgan?
– Bir kuni uyda edim, tarjimon kelib, tushlikda Rivaldoni kutib ola olamanmi yoki yo'qligini so'radi. Uning aytishicha, ular Rivaldo bilan gaplashishgan va u Toshkentga kelishga arziydimi yoki yo'qmi, shuni bilish uchun lotin amerikalik bilan suhbatlashishni xohlagan ekan. Menga nimalar deyishim kerakligini tushuntirishdi va ikki soatdan so'ng Rivaldo mening stolim atrofida o'tirardi!
– Olti oy ichida Romariodan Rivaldogacha... agar faoliyatingiz "ananaviyroq" kechganida bunga ishonish mumkin edi. Ammo siz "Vasko da Gama"da 42 yoshli Romario bilan uchrashdingiz, O'zbekistonda esa Jahon chempioni bo'lgan Rivaldo bilan birga o'ynadingiz.
– Xuddi shunday... bu juda, juda g'alati. Bilasizmi, men o'z faoliyatimdan juda faxrlanaman, chunki u meni hozirgidek insonga aylantirdi. Ishonchim komilki, agar Yevropada muvaffaqiyat qozonganimda, hozirgidek aqlli yigit bo'lmasdim. Qarindoshlarim bilan yurgan bo'lardim, oilamni o'zim bilan olib kelib, bazmlar uyushtirgan bo'lardim va hokazo. Shunday qilib, hayot meni shu yo'lga boshlab keldi.
– Sayohat qilish dunyoqarashni kengaytiradi, yangi tajribalar orttirish esa dunyoingizni ochadi va o'ylaymanki, o'zingiz aytganingizdek, agar Yevropada o'ynaganingizda mutlaqo yangi madaniyatga bunchalik sho'ng'imagan bo'lardingiz. Futbol nuqtayi nazaridan, Toshkentdagi davringiz qanday o'tdi?
– Menda shunday nazariya bor: yuqoriroq darajadan pastroq darajaga o'tganingizda, farq qilishingiz uchun sizda olti oy vaqt bo'ladi, chunki siz o'yinning tezroq suratiga va uni tezroq tushunishga o'rganib qolgan bo'lasiz. Sizga omad ham kerak. Lekin men ko'p gol urganim uchungina bu oson bo'ldi, deb ayta olmayman. To'g'ri, bizda mamlakatdagi eng yaxshi o'yinchilar jamlangandi, lekin men yaxshi mashq qilardim va doimo bor kuchimni berardim.
– O'zbekistondagi futbol madaniyati haqida qanday xulosalarga keldingiz? Stadionlardan tortib, ularni to'ldirgan muxlislargacha?
– "Paxtakor" mamlakat faxri edi. Keyin esa butun mamlakat bo'ylab, chekka hududlarda kichik jamoalar bor ediki, ularning muxlislari bizni doim hushtakbozlik bilan kutib olishardi. O'zbekistonning chekka qishloqlaridagi odamlarning daromadi juda past edi, shuning uchun yangiliklarda Rivaldo kelayotganini va Skolari 8 yoki 10 million ishlayotganini ko'rishganda, bu ular uchun go'yoki haqoratdek tuyulgan. Biroq ular butun mamlakat bo'ylab menga juda yaxshi munosabatda bo'lishgan. Haligacha u yerdagi odamlardan xabarlar olib turaman, o'zbek xalqi meni yaxshi ko'rishini his qilganman.
– Toshkentdagi hayotingiz qanday edi, oilangizni o'zingiz bilan olib kelganmidingiz?
– Ha, aslida xotinim homilador edi va bir oydan keyin u O'zbekistonga uchib keldi. O'g'limning hayotidagi dastlabki bir necha oylar O'zbekistonda o'tgan. Biz juda, juda yaxshi yashadik. Bizda hamma narsa bor edi: oshpaz, ennaga, haydovchi, ikkita mashina, chiroyli uy – mendan faqatgina futbol o'ynash talab qilinardi.
– Toshkentda moslashishingizga yordam beradigan lotin amerikaliklar jamoasi bormidi?
– Yo'q, yo'q, faqat men, Rivaldo va Luizao edik.
– Xullas, "Bunyodkor" tashkil etilganidan atigi uch yil o'tib OCHL yarim finaliga chiqdi. Osiyoning eng yirik klublar musobaqasida o'ynaganingiz haqida qanday xotiralar qolgan?
– Men 4 ta gol urib, pley-off bosqichining eng yaxshi to'purari bo'lgan edim. Juda yaxshi o'ynadim. Otam o'sha yerda bo'lgani va u muxlislarning yoqimtoyiga aylanib, tribunada ular bilan birga vaqt o'tkazgani, muxlislar hatto uning ismini kuylay boshlashgani uchun bu menda chiroyli xotiralar qoldirgan.
– OCHL unda ishtirok etadigan jamoalar va futbolchilar sayohat qilishi kerak bo'lgan shaharlari sababli men uchun juda qiziq. Biz Ronalduning Eronga tashrif buyurganini, Benzemaning Iroqda o'ynaganini ko'rdik, bu dunyoga mashhur futbolchilar uchun mutlaqo boshqacha tajriba. Siz qarshi o'ynagan eng qiziqarli klublardan qaysilarini ayta olasiz?
– Men Eronda "Saypa"ga qarshi o'ynaganman. Bu juda ta’sirli edi. Bir marta mehmonxonadan shortik kiyib chiqqanimda, bir ayol menga baqirib, sumkasi bilan ura boshlagandi – g'alati tajriba. Keyin stadionga bordik, hammasi oq kiyimdagi 100 ming odam bor edi, ular bizni o'ldirib qo'yadi deb o'yladik. Rivaldo musobaqada o'zining debyut o'yinini o'tkazayotgan edi, shuning uchun odamlar liq to'la edi. Biz 2:2 hisobida durang o'ynadik, bitta gol urdim va Rivaldoga golli uzatma berdim. Toshkentdagi javob o'yinida esa 3 ta gol urdim.
– Eronda katta futbol madaniyati, juda sadoqatli muxlislar bor. OCHLdagi tajribangizga tayanib aytganda, Osiyodagi "eng yaxshi" futbol madaniyati kimda deb o'ylaysiz?
– Eron – xuddi Janubiy Amerika kabi. Lekin Eron masalasida, bilmadim, chunki men uchun futbol – hamma borishi mumkin bo'lgan joy, ularning madaniyatiga ko'ra esa o'sha paytda stadionlarga faqat erkaklar kira olardi. Shuning uchun o'zimga yoqadigan o'sha bayramona muhitni unchalik ko'rmaysiz, garchi ular o'yindan shunchalik zavqlanishsa ham. Shuning uchun Yaponiyani aytgan bo'lardim. Ular futbolni sevishadi. Ular bizga o'xshab agressiv emas, shuning uchun yutqazsangiz sizni o'ldirib qo'yishmaydi, lekin Yaponiyada barcha bayroqlar va muxlislar bor. Biroq janubiy amerikalik sifatida ularning megafonlardan foydalanishini ko'rish g'alati. Yo'q og'ayni, agar o'z ovozing bilan kuylamasang, bu hisobga o'tmaydi. Sen o'z yordamingni ovoz paychalaring ishdan chiqqunicha ko'rsatishing kerak.
– Siz 2010 yilning yanvarida, Felipe Skolari klubga kelganidan 6 oy o'tib "Bunyodkor"ni tark etdingiz. Nega?
– Muxlislar meni juda yaxshi ko'rishardi, lekin Skolari ko'proq braziliyalik o'yinchilarni olib kelmoqchi bo'lgani uchun ketdim. Mening nazarimda, u o'sha joyda biz uchun mos murabbiy emas edi. U doim "Sen buni qilishing kerak! Sen unday qilishing kerak!", deb baqirardi. Ungacha Ziko bor edi va u juda, juda yaxshi murabbiy edi. Skolari esa ko'proq eski maktab vakili edi, senga Jahon kubogini yutib bergan yigitga (Rivaldoga) nisbatan eskicha usulni qo'llay olmaysan. U Rivaldo va biz qurmoqchi bo'lgan narsani o'zgartirishga urinardi.
– Xo'sh, u sizlardan qanday o'yin uslubiga ergashishni talab qilgandi? U nimani joriy qilmoqchi bo'lgan?
– Mayda detallarni, masalan, u mashg'ulotlarda qalqonchalar (shit) bilan o'ynashimizni talab qila boshladi. Shu kabi narsalar. Juda kichik narsalarda u "Bunday qila olmaysiz! Mening qoidamga amal qiling!", der edi. Bunday narsalar hozir ish bermaydi. Bu g'alati edi.
– Agar faoliyat yo'lingizni kuzatadigan bo'lsam, u dunyo bo'ylab taxminan sharqqa tomon yo'nalgan. "Bunyodkor"dan siz qisqa muddatga Xitoyning "Tyanczin" klubiga o'tdingiz. U yerda o'zingizni ko'rsatish qanchalik qiyin bo'ldi?
– Bilasizmi nima? Ikki kun oldin Kanadada yashaydigan tyanczinlik bir muxlis meni ko'rish uchun samolyotga o'tirib, Mayamiga keldi. Men uni o'zimning mashg'ulotlarimga olib bordim, birga ko'p vaqt o'tkazdik, bir nechta videolar oldik, u menga forma sovg'a qildi – bu juda chiroyli holat edi. Men Tyanczinda hatto unchalik yaxshi o'ynamaganman, bor-yo'g'i bir yoki ikkita gol urganman. Lekin u otasi bilan hayotida tomosha qilgan eng birinchi o'yinida men gol urganim uchun, meni futbolchi sifatida yaxshi ko'rib qolganini aytdi. Shunda men o'zim mashg'ulot o'tayotgan bolalarga shunday dedim: "Futbolchi bo'lganingizda, shunchaki o'ynash orqali odamlarda qanday iz qoldirayotganingizni xayolingizga ham keltirmaysiz". Bizning zimmamizdagi mas'uliyat mana shu, chunki xohlaysizmi-yo'qmi, siz kim uchundir o'rnak va muhim insonsiz, xoh Rivaldo bo'ling yoki shunchaki Xose, xoh "Barselona"da o'ynang yoki Angliyaning 4-divizionida, siz qaysidir bolakay uchun muhim bo'lishingiz mumkin.
– "Bunyodkor"dan Xitoyga ko'chib o'tish qanday yuz berdi? Bu O'zbekistonga o'tishingizga to'g'ri kelgandagi holatga o'xshash voqeamidi yoki Xitoydagi hayotga qiziqishmidi?
– "Bunyodkor" bilan shartnomamni tugatganimdan so'ng Chiliga qaytdim va "Lokarno" va agentimdan ketish bo'yicha muzokaralar markazida qoldim. Shuning uchun FIFAga murojaat qildim va 6 oy futbol o'ynamay turishimga to'g'ri keldi, o'ynash huquqimni qaytarib olganimdan keyin esa Xitoyga ketdim. Osiyoda o'ynab ulgurganim uchun bu menga mos variant edi va men buni davom ettirishni xohladim.
Fikrlar 0