«Barselona» La Ligadan 2027/28 yilgi mavsumning birinchi yarmida o‘z uy uchrashuvlarini "Olimpik Luis Kompanis "stadionida o‘tkazishga ruxsat so‘ragan. Bu haqda Sport.es xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, bunga «Kamp Nou» stadionidagi rekonstruksiyaning navbatdagi bosqichi sabab bo‘ladi. Klub 2027 yil yozida arenaning yangi tomini o‘rnatish ishlarini boshlashni rejalashtirgan. Qurilish iyun oyida start oladi va taxminan to‘rt yarim oy davom etadi. Tomni o‘rnatish bilan bir qatorda stadionda qo‘shimcha qurilish ishlari ham amalga oshiriladi.

Agar La Liga mazkur so‘rovni ma’qullasa, «Barselona» "Olimpik Luis Kompanis" stadionida nafaqat Ispaniya chempionati, balki Chempionlar ligasidagi uy uchrashuvlarini ham o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, kataloniyaliklar avval ham 2023/24, 2024/25 va 2025/26 yilgi mavsumning bir qismida «Kamp Nou» rekonstruksiya qilingani sababli Olimpik Luis Kompanis stadionida to‘p surgan edi.

Qayd etilishicha, 2026/27 yilgi mavsumda «Barselona» yana «Kamp Nou»da o‘ynashi kutilmoqda. Garchi arenani modernizasiya qilish ishlari hali davom etayotgan bo‘lsa-da, klub stadionning uchinchi qavatini bosqichma-bosqich muxlislar uchun ochishni rejalashtirgan.

Manba: Stadion.uz