«Barselona» yarim himoyachisi Frenki de Yong jarohati sababli bir necha oy maydonga tusha olmasligi mumkin.

Kataloniya klubining jahon chempionatida ishtirok etgan futbolchilari dam olish uchun qo‘shimcha vaqt olishgan bo‘lsa-da, Ronald Arauxo va de Yong allaqachon jamoa ixtiyoriga qaytib, tibbiy ko‘rikdan o‘tishdi.

Marca nashri xabariga ko‘ra, niderlandiyalik futbolchida tizza jarohati aniqlangan.

Hozircha yakuniy tashxis qo‘yilgani yo‘q. Yaqin kunlarda yarim himoyachi qo‘shimcha tekshiruvlardan o‘tishi kerak.

Biroq klubdagilar vaziyatdan xavotirda va eng yomon ssenariyni kutishmoqda. Futbolchi bir necha oyni o‘tkazib yuborishi, xususan, tiklanish jarayoni to‘rt oygacha davom etishi istisno qilinmayapti.

Eslatib o‘tamiz, de Yong jahon chempionatida Niderlandiya terma jamoasi safida to‘rtta o‘yin o‘tkazgan edi.

Manba: Stadion.uz