«Barselona» vingeri Runi Bardji yozgi transfer oynasida Kataloniya klubini tark etishi mumkin. Entoni Gordon va Karim Adeyemi sotib olinganidan so‘ng, bosh murabbiy Xans-Diter Flik shvesiyalik futbolchining xizmatlariga ehtiyoj sezmayapti va klub uning jamoadan ketish variantlari ustida ishlamoqda, deb xabar beradi Mundo Deportivo.

20 yoshli futbolchiga Bundesliga, Eredivize, Liga 1, Portugaliya Superligasi va Seriya A jamoalari qiziqish bildirmoqda. Nomzodlar qatorida «Aston Villa», «Sanderlend», «Everton», «Fulxem», «Brayton», «Lids Yunayted», «Ayaks», «Marsel», «Portu», «Yuventus» va Dortmundning «Borussiya» klublari tilga olinmoqda.

Manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Bardjining o‘zi ijara variantini afzal ko‘rmoqda va «Barselona»ni butunlay tark etishni istamayapti. Klub esa o‘z navbatida transferni jamoaning 27 iyul kuni Angliyada boshlanadigan mavsumoldi yig‘iniga qadar yakunlashni rejalashtirgan. Bundan bir yil avval kataloniyaliklar shved uchun 2,5 million yevro to‘lashgan edi.

Manba: Stadion.uz