talkSPORT jurnalisti Aleks Krukning xabar berishicha, «Nyukasl» futbolchini sotmaslik pozisiyasida turganiga qaramay, «Arsenal» yarim himoyachi Bruno Gimarayns transferini baribir yakunlashi kutilmoqda.

Krukning fikricha, kattaroq taklif vaziyatni tubdan o‘zgartirishi mumkin. Agar «Nyukasl» 80 million funt sterling yoki undan yuqori miqdorda taklif olsa, ushbu bitimga rozilik berishi ehtimoldan xoli emas.

«Bruno Gimaraynsning «Arsenal»ga o‘tishi amalga oshadi deb o‘ylayman. «Nyukasl» tomonidan u sotilmaydi degan gaplar yangrayotganini bilaman, ammo bu masalada baribir pul o‘z so‘zini aytadi. Agar ular 80 million funtga yaqin yoki undan ortiq taklif olishsa, transfer amalga oshishini kutish mumkin», — dedi Kruk.

Xabarlarga ko‘ra, «Arsenal» Gimaraes bilan shaxsiy shartnoma shartlarini allaqachon to‘liq kelishib olgan va Braziliya terma jamoasi a’zosining o‘zi ham «kanonirlar» safiga qo‘shilishga qarshi emas.

Yarim himoyachini Mikel Arteta qo‘l ostida yuqori darajada to‘p surish va yirik sovrinlar uchun kurashish imkoniyati o‘ziga jalb qilmoqda.

Manba: Stadion.uz