Londonning «Chelsi» hamda Avstraliyaning Sidney shahri sharafini himoya qiluvchi «Vestern Sidney Uonderers» klublari o‘rtasida kechgan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘z nihoyasiga yetdi. Sidneydagi «Akkor» stadionida bo‘lib o‘tgan bahs «aristokratlar»ning 6:4 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
O‘yinning 6-daqiqasidayoq hujumchi Dastan Satpayev londonliklarni oldinga olib chiqdi. Sidney klubi himoyachisi Entoni Pantazopulos 14-daqiqada javob to‘pini kiritdi. 32-daqiqaga kelib, yarim himoyachi Eydan Xemmond avstraliyaliklarni hisobda oldinga olib chiqqan bo‘lsa, oradan olti daqiqa o‘tib «ko‘klar» yarim himoyachisi Dariu Esugu muvozanatni tikladi. Dilan Saykluna 62-daqiqada «Vestern Sidney»ni yana oldinga olib chiqqan bo‘lsa-da, oradan to‘rt daqiqa o‘tib londonliklar forvardi Jeymi Gittens hisobni yana tenglashtirdi. Hujumchi Ouen Lual 78-daqiqada sidneyliklarning to‘rtinchi golini urdi. Biroq oradan ikki daqiqa o‘tib Joao Pedro tablodagi raqamlarni tenglashtirdi. 85-daqiqada Pedro dublni rasmiylashtirgan bo‘lsa, yana to‘rt daqiqadan so‘ng raqib darvozasiga o‘zining uchinchi golini urdi.
Ushbu o‘rtoqlik bahsi «Chelsi»ning Avstraliya va Osiyo bo‘ylab o‘tkazayotgan mavsumoldi turnesidagi dastlabki o‘yini bo‘ldi. Londonliklar Sidneyda, shuningdek, «Tottenxem»ga qarshi ham maydonga tushishadi.
Ma’lumot uchun, «Chelsi» 2025/2026 yilgi mavsumda Angliya Premyer-ligasida 38 ta o‘yinda 52 ochko to‘plab, 10-o‘rinni egallagan edi. «Vestern Sidney Uonderers» esa o‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra Avstraliya A-ligasi guruh bosqichi jadvalida so‘nggi (12-o‘rin) pog‘onani band etgan.
Manba: Stadion.uz
Fikrlar 0