«Surxon» vakili Anvar G‘ofurov «Xorazm»ga qarshi uchrashuvdan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida bahs haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, har ikki jamoa uchun ham ochkolar muhim bo‘lgani sababli uchrashuv og‘ir kechishi kutilgan.

«Xorazm»ga ham, bizga ham ochkolar juda zarur edi. Shuning uchun oson o‘yin bo‘lmasligini bilardik. Raqib bahsga puxta tayyorgarlik ko‘rgani va o‘yinlarimizni yaxshi tahlil qilgani maydonda sezildi», — dedi G‘ofurov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Surxon»da gol urish uchun yetarlicha imkoniyatlar bo‘lgan, ammo jamoa ulardan unumli foydalana olmagan.

«Uchrashuv davomida bir nechta yaxshi vaziyatlar yaratdik. Shu bilan birga, darvozamiz oldida ham xavfli holatlar bo‘ldi. Afsuski, o‘z imkoniyatlarimizdan samarali foydalana olmadik. Kamchiliklarimiz bor va ularni bartaraf etish ustida ishlashimiz kerak. Lekin futbolchilar maydonda bor kuch va imkoniyatlarini ishga solib harakat qilishdi. Bu meni quvontirdi», — dedi u.

G‘ofurov keyingi turdagi «Qo‘qon-1912»ga qarshi uchrashuv haqida ham to‘xtaldi.

«Oldimizda muhim o‘yin turibdi. Raqibni chuqur tahlil qilib, bahsga puxta tayyorgarlik ko‘ramiz. Maqsadimiz — muxlislarimizni xursand qiladigan o‘yin namoyish etish va ijobiy natijaga erishish», — dedi mutaxassis.

Shuningdek, u «Xorazm» jamoasiga ham yuqori baho berdi.

«Xorazm» yaxshi futbolchilar va malakali murabbiylar shtabiga ega jamoa. Ularning o‘z o‘yin uslubi bor va shu yo‘nalishda izchil harakat qilishmoqda. Keyingi uchrashuvlarda ularga omad tilayman», — dedi Anvar G‘ofurov.

Yakunda u stadionga kelib jamoani qo‘llab-quvvatlagan barcha muxlislarga minnatdorlik bildirdi.

Manba: Stadion.uz