FIFA prezidenti Janni Infantino tashkilotga a’zo mamlakatlarga Jahon chempionati huquqlarining bir qismini tashqi investorlarga sotish bo‘yicha bitimni ma’qullash sharti bilan har bir assosiasiyaga 40 million dollardan moliyaviy yordam taklif qildi, deb xabar beradi The Times.

Manba ma’lumotlariga ko‘ra, gap turnir huquqlarining bir qismini sotishdan tushadigan daromadni taqsimlash haqida bormoqda. Taklif FIFAning barcha 211 ta a’zo-assosiasiyasiga yuborilgan bo‘lib, qaror qabul qilish uchun 53 kun muhlat berilgan.

Infantino o‘z maktubida yakuniy qaror assosiasiyalarning o‘zida qolishini ta’kidlagan. Reja ma’qullangan taqdirda, 2027 yil 1 yanvardan boshlab 10 milliard dollarlik moliyalashtirish paketi ajratiladi va bu hamkorlikning yangi bosqichini boshlab beradi. Agar assosiasiyalar bu taklifni rad etishsa, FIFA ilgari e’lon qilingan moliyalashtirish dasturi parametrlarini saqlab qoladi va uning hajmini 2,7 milliard dollarga oshiradi.

Tashqi investorlarni jalb qilishga qarshi chiqayotgan ba’zi manbalar ushbu taklifni pora berishga urinish sifatida baholashmoqda.

Manba: Stadion.uz