Ispaniya terma jamoasi va «Manchester Siti» yarim himoyachisi Rodri Ernandes Madridning «Real» klubiga o‘tishga juda yaqin turibdi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda insayder Nikolo Skira xabar bermoqda.

Manba xabariga ko‘ra, transfer bitimi 60 million yevroni tashkil etadi. 30 yoshli xavbek «qirollik klubi» bilan 2030 yilgacha mo‘ljallangan uzoq muddatli shartnoma shartlarini kelishib oldi. «Qaymoqranglilar» prezidenti Florentino Peres ushbu o‘tishni iloji boricha tezroq rasmiylashtirishga harakat qilmoqda.

Rodri 2019 yilning iyul oyidan beri «Manchester Siti» sharafini himoya qilib kelmoqda va uning amaldagi shartnomasi 2027 yilning iyun oyi oxirida yakuniga yetadi.

Eslatib o‘tamiz, Rodri Ernandes yaqindagina yakunlangan 2026 yilgi Jahon chempionatining eng yaxshi futbolchisi deb tan olingan edi.

Manba: Stadion.uz