Fransiya futbol federasiyasi (FFF) prezidenti Filipp Diallo FIFAning jahon chempionatidagi huquqlarning bir qismini xususiy investorlarga sotish rejasi yuzasidan xavotir bildirdi.
«Bu ko‘plab savollarni keltirib chiqarayotgan tashvishli loyiha. Biz bu haqda faqat matbuot orqali bildik va oldindan hech qanday ma’lumot olmaganmiz.
Biz ushbu tashabbusning falsafasi, zarurati, moliyaviy tuzilmasi va mablag‘ manbalarini tushunmayapmiz. Loyiha aniq tafsilotlarsiz taqdim etilgani xavotir uyg‘otmoqda. Vaholanki, u futbolning eng muhim aktivlaridan biri — dunyodagi eng yirik sport musobaqasi bo‘lgan jahon chempionatiga taalluqlidir», — dedi Diallo.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA prezidenti Janni Infantino jahon chempionatidagi huquqlarning bir qismini sotish rejasini ishlab chiqayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha unga shaxsan o‘nlab million funt sterling daromad keltirishi mumkin.
Shuningdek, muzokaralar AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyatiga yaqin shaxslar bilan olib borilgani aytilgan. Bir qator futbol tashkilotlari va sport arboblari ushbu tashabbusni tanqid qilgan. Bundan tashqari, Infantino bitimni qo‘llab-quvvatlash evaziga FIFAga a’zo har bir mamlakatga 40 million AQSH dollari miqdorida moliyaviy yordam ajratishni taklif qilgani ham xabar qilingan.
Manba: Stadion.uz
Fikrlar 0