Madridning «Real» klubi hujumchisi Vinisius Juniorning jamoadagi kelajagi so‘roq ostida qolmoqda.

Jurnalist Pepe Alvaresning ma’lumotlariga ko‘ra, braziliyalik futbolchi madridliklar rahbariyatidan yangi shartnoma imzolash uchun 80 million yevro miqdorida bonus so‘ragan. Bundan tashqari, forvard o‘z imij huquqlarining 80 foiziga egalik qilishni xohlamoqda — hozirda u ushbu huquqlarning 50 foiziga egalik qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Vinisius Junior 2018 yili Braziliyaning «Flamengo» klubidan «Real»ga 45 million yevro evaziga o‘tgan edi. Uning «qaymoqranglilar» bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilning 30 iyunigacha mo‘ljallangan.

2025/26 yilgi mavsumda hujumchi madridliklar safida barcha turnirlarda 53 ta o‘yinda maydonga tushib, 22 ta gol urdi va 14 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Transfermarkt portali Vinisiusning transfer qiymatini 140 million yevroga baholamoqda.

Manba: Stadion.uz