- Chempionlar Ligasi "Barsa"ning bosh maqsadi ekanini hech kim yashirmaydi. Kiyinish xonasida va mashg'ulotlarda ko'rayotganlaringizdan kelib chiqib, ushbu sovrinni qo'lga kiritishni joriy mavsumdagi real vazifa deb hisoblaysizmi?
- Ha, buni mutlaqo real maqsad deb bilaman. Bu jamoa sifatida nimalarga qodir ekanimizni butun Yevropaga ko'rsatish va etirof etilish uchun oxirgi qadam. Shu bilan birga, bizni favorit deb hisoblamayman.
Biz qanday yo'lni bosib o'tganimizni va chempion bo'lish uchun nima talab etilishini tushunishimiz kerak. Ushbu darajaga chiqish uchun jamoamiz yana ayrim jihatlarni to'g'rilab olishi lozim. Men kabi futbolchilar aynan shuning uchun ham bu erga kelishgan - birgalikda o'sish va Chempionlar Ligasi kabi noyob turnirlarda g'alaba qozonish uchun zarur bo'lgan sifatlarni jamoaga olib kirish.
Chempionlar Ligasi - shunchaki eng kuchli jamoani aniqlab beradigan turnir emas. Bu alohida epizodlar va lahzalar hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'lgan musobaqadir. Menimcha, aynan shu jihatdan jamoamiz yanada o'sishi kerak. Muvaffaqiyat imkoniyatlariga kelsak... Men bu erga aynan shuning uchun kelganman.
- Agar aniq o'yin jihatlari haqida gapiradigan bo'lsak, aynan nimalarni mukammallashtirish kerak? "Barselona"da hamma narsa qanday sodir bo'lishiga guvoh bo'ldik: "Atletiko"ga qarshi birinchi o'yinda markaziy himoyachining maydondan chetlatilishi va ikkinchisida yana bir qizil kartochka, "Inter" bilan safardagi o'yin (hisobda oldinda borib, yakunda mag'lub bo'lingan), ikki o'yin natijasiga ko'ra urilgan oltita va o'tkazib yuborilgan ettita to'p...
- Siz aynan nishonga urdingiz. Hamma narsa pley-off o'yinlaridagi, ayniqsa eng muhim uchrashuvlardagi hal qiluvchi lahzalarni to'g'ri boshqara olish mahoratiga borib taqaladi. Qizil kartochkalar, penaltilar, keraksiz o'tkazib yuborilgan gollarning oldini olish - aynan shu omillar turnirda qolasizmi yoki chiqib ketasizmi, shuni belgilab beradi.
Menimcha, hujumda aql bovar qilmas qudratga intilgandan ko'ra, barqaror va ishonchliroq harakat qilgan maqul. G'alaba qozongan jamoalar buni amalda isbotlashgan. Aynan shu borada ishlashimiz kerak bo'lgan jihatlar bor. Lekin bularning bari tajriba bilan keladi. Men har doim aytganman: g'alaba qozonish uchun avval mag'lub bo'lish va undan saboq chiqarish kerak. Yirik sovrinlarni qo'lga kiritgan futbolchilar buni yaxshi bilishadi.
Men nihoyat bu musobaqada zafar kuchgunimga qadar Chempionlar Ligasida san-sanoqsiz marotaba o'ynaganman, shuning uchun bu tajriba talim olish jarayonini anglatishini va futbolchilar har yili yangi narsalarni o'rganishini juda yaxshi tushunaman, - dedi "Oltin to'p" sohibi.
Fikrlar 0